Daniyalik Viktoriya Kjaer “Koinot go‘zali 2024” tanlovida g‘olib bo‘ldi
21 yoshli raqqosa, tadbirkor va huquqshunos Viktoriya Kjaer Theilvig Daniya uchun ilk bor «Koinot go‘zali» tojini olib berdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Viktoriya «Koinot go‘zali» tanlovida birinchi daniyalik g‘olib bo‘lib, Mexiko shahrida o‘tkazilgan finalda 120 dan ortiq ishtirokchilarni ortda qoldirdi. Viktoriya tojni amaldagi g‘olib, nikaragualik Sheynnis Palasiosdan qabul qilib oldi.
Bu yilgi tanlov yosh chegarasining olib tashlanishi bilan tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilk bor 28 yoshdan oshgan ayollar va onalar ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi. Musobaqa davomida yarim finalchilar suzish liboslari va kechki liboslar tanlovlarida o‘z mahoratini namoyish etishdi. Yakuniy bosqichda Viktoriya chidamlilik va yetakchilik mavzularida berilgan savollarga javob berib, sudyalar va tomoshabinlarni hayratga soldi.
Bu yil «Koinot go‘zali» tanlovi ishtirokchi davlatlar sonining kengayishi bilan ham ajralib turdi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Kuba, Belarus va Eritreya kabi davlatlar yana qatnashdi.
Ma’lumot uchun, bu yilgi tanlovda 73 yil ichida ilk bor O‘zbekiston ham ishtirok etdi. Mamlakatimiz sharafini Nigina Faxriddinova munosib himoya qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika prezidentlik saylovlarida birinchi marta ayol g‘alaba qozongani haqida yozgan edik.