Prezident ijtimoiy obyekt loyihalari nogironlar ehtiyojlariga moslashmaganini tanqid qildi
Kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihalari nogironligi bor insonlar ehtiyojlariga moslashmagani qayd etildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, bu borada Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar boshlangani aytilgan bo‘lsa-da, qolgan viloyatlar hali loyihalar ishlab chiqmagan va mablag‘ ajratmagan.
Viloyat hokimlariga joriy yilda bittadan namunaviy ko‘cha yaratish vazifasi topshirilgan edi, ammo ayrim hududlarda bu ish yakunlanmagan. Mas’ullarga ikki oy ichida mazkur ishlarni yakunlash va kelgusi yilda har bir tumanda qo‘shimcha bittadan ko‘cha moslashtirish vazifasi yuklatildi.
Xususan, kam ta’minlangan oilalarga biriktirilgan 1 ming rahbarning faqat 20 foizi natija ko‘rsatgan, 184 nafari esa o‘ziga biriktirilgan oilalar bilan biror marta ham uchrashmagan.
Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublika bo‘ylab 20 foizga yetgani aytilgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich Jalolquduq, Chimboy, Pastdarg‘om, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz darajada qolmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamovga vazifalarni bajarmagan mas’ullarga qat’iy choralar ko‘rish topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 102 ijtimoiy xizmat mahallalarda faoliyat olib borishi haqida yozgan edi.