Toshkent aeroportida mushuklar uchun uylar oʻrnatildi
Toshkent xalqaro aeroportining yashil maydonida mushuklar uchun maxsus uychalar oʻrnatildi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari tomonidan loyihalashtirilgan ushbu uylar aeroport tashqi koʻrinishi va manzarasiga mos ravishda yaratilgan.
«Poytaxt aeroportida doimo mushuklar boʻlgan. Bizda ular uchun uylar oʻrnatish gʻoyasi anchadan beri bor edi, biroq aeroportda bir necha yillardan buyon olib borilayotgan qurilish ishlari tufayli bunday imkoniyat endigina paydo boʻldi. Ularni aeroport faoliyati uchun ham, hayvonlarning oʻzlari uchun ham xavfsiz boʻlgan joylarga oʻrnatdik», – deyiladi xabarda.
«Mushukkent» loyihasi doirasida amalga oshirilgan bu tashabbus hayvonlarga insonparvar munosabatni targʻib qilish va ularning sharoitini yaxshilashga qaratilgan.
Avvalroq «Kursiv» Uzbekistan Airports Yevropa aeroportlari xalqaro kengashiga qoʻshilgani haqida xabar bergan edi.