O‘zbekistonda Rossiyaning «Yobidoyobi» sushi tarmog‘i ish boshladi

Shu yilning mart oyida Toshkent shahrida «Yobidoyobi» sushi tarmoqning birinchi filiali ochildi. Yil oxiriga qadar poytaxtda 6-7 ta filial ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.
2024-yilning dekabr oyida Belarusda tarmoq «Yo sushi i rolli» nomi bilan ish boshlagan. Ammo brend O‘zbekistonda to‘liq nomi ostida faoliyat yuritmoqda. Toshkentdagi restoran o‘zining yorqin ko‘rinishi va provokatsion reklamasi bilan e’tiborni tortmoqda. Mahalliy tadbirkor, loyiha franshizasi rahbari Ruslan Yaxinning so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv qiziqish va muhokamalarni keltirib chiqardi.
Masalan, ochilish marosimida o‘zbek tilida «Ularni nomlash mumkin emas, lekin buyurtma berish mumkin» shiori bilan tashqi reklama ishga tushirildi. Bugungi kunda restoran mijozlarning barqaror oqimiga ega.
Ma’lumot uchun, «Yobidoyobi» tarmog‘i 2016-yilda Krasnoyarskda marketing mutaxassisi Konstantin Zimen va tadbirkor Dmitriy Praded tomonidan tashkil etilgan. Hozirda tarmoq Rossiyaning 161 shahrida 250 dan ortiq franshiza nuqtalarini, shuningdek, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, O‘zbekiston va BAAda filiallarini yo‘lga qo‘ygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida ilk milliy taomlar restorani ochilgani haqida yozgandi.