Qozog‘istonning Magnum supermarketlar tarmog‘i nega O‘zbekistonda qisqarmoqda

eʼlon qilindi
Bugungi kunda faqat uchta savdo nuqtasi qolgan
Magnum supermarketlar tarmog‘i qisqarmoqda. Foto: depositphotos.com

Qozog‘istonning yirik savdo tarmog‘i Magnum Cash&Carry O‘zbekistonda 17 ta do‘kon ochishni rejalashtirgan edi. Biroq hozirda faqat uchta do‘kon faoliyat yuritmoqda. Bu haqda EastFruit xabar berdi.

EastFruit tahlilchilarining ta’kidlashicha, bu kompaniyaning O‘zbekistondagi kengayish bo‘yicha avval e’lon qilgan strategiyasidan voz kechganini anglatadi.

Magnum 2021-yil dekabr oyida Toshkentda ikkita gipermarket ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirgan. 2023-yil avgustida kompaniya O‘zbekistondagi Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistondagi do‘konlarini boshqargan Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan biznesini sotib olgan. Bu orqali do‘konlar sonini yettitagacha oshirgan. Kompaniya vakillari 2024-yilda yana 10 ta savdo nuqtasini ochib, tarmoqlar sonini 17 taga yetkazishini e’lon qilgandi.

Biroq 2024-yil boshidan boshlab ushbu kengayish rejalari to‘xtagan. 2024-yil fevral oyida Toshkentdagi Magnum Qoratosh savdo nuqtasi yopildi. 2025-yil may oyida esa yana ikki savdo nuqtasi – Magnum Yunusobod va Magnum Atlas Chilonzor – rasman boshqa manzilga ko‘chirilgani haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, ular aslida yopilgan.

2025-yil 16-iyun kuni esa allaqachon bo‘shatilgan Magnum Samarqand Darvoza savdo nuqtasining yopilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, mavjud savdo nuqtalarida mahsulotlar assortimenti keskin qisqarayotgani kuzatilmoqda, bu holat odatda savdo obyektining yopilishidan oldingi bosqich sifatida baholanadi. Hozirga qadar kompaniya tomonidan bu borada hech qanday rasmiy bayonot berilmagan.

2025-yil 17-iyun holatiga ko‘ra, Magnum tarmog‘i O‘zbekiston hududida faqat Toshkent shahrida joylashgan uchta savdo nuqtasida faoliyat yuritmoqda. Bu vaqtinchalik optimizatsiya, strategiya o‘zgarishi yoki O‘zbekiston bozoridan to‘liq chiqish ekanligi hozircha ma’lum emas.

EastFruit tahlilchilarining fikricha, Magnum o‘z vaqtida Carrefour tarmog‘i tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘liq xulosa chiqarmagan. Bu omil ushbu savdo obyektlarini samarali chakana biznes birliklariga aylantirishda muammolar yuzaga kelishiga olib kelgan.

Magnum savdo tarmog‘ining O‘zbekiston bozoridagi faoliyati qisqarayotgani bo‘yicha Kursiv Uzbekistan tahririyati kompaniyaga so‘rov yubordi. Unda kompaniya O‘zbekiston bozoridan butunlay chiqib ketish ehtimoli mavjudligi yoki bu vaqtinchalik optimallashtirish doirasida amalga oshirilayotgan jarayon ekani aks etgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Gruziyaning Daily supermarket tarmog‘i Toshkentda birinchi filialini ochgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek