Moliyaviy hisob tizimi xalqaro standartlarga o‘tkaziladi

eʼlon qilindi
2027-yildan boshlab joriy qilinadi
Moliyaviy hisob tizimi xalqaro standartlarga o‘tkaziladi / Foto: Mapquest

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda moliyaviy hisob (buxgalteriya) tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tkazish, biznes hisobotlarini raqamlashtirish, «yashil buxgalteriya» amaliyotlarini joriy etish hamda auditor va buxgalter kasbining nufuzini oshirish ko‘zda tutilgan.

Eng muhim yangiliklardan biri — jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar uchun MHXS asosida hisob yuritish majburiyati joriy qilinishi va ularning moliyaviy hisobotlari auditorlik xulosasi bilan birga e’lon qilinishi belgilandi. Shuningdek, xalqaro sertifikatlash imtihonlarini topshirgan buxgalterlarning xarajatlari 2026 – 2028-yillarda Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

Qaror asosida 30 banddan iborat «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. 2027-yildan boshlab moliyaviy hisobotning milliy standartlari MHXSga uyg‘unlashtirilgan holda joriy qilinadi, «Barqarorlik standartlari» hamda sun’iy intellekt asosida avtomatlashtirilgan biznes hisobotlari tizimi ishga tushiriladi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu qaror O‘zbekiston moliya va kapital bozorlarida shaffoflikni oshiradi, xalqaro investorlar ishonchini kuchaytiradi va uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank maxsus stipendiyasi uchun tanlov e’lon qilgan edi.

Shuningdek