S&P Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini «BB» darajasiga koʻtardi

S&P Global xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini bir pogʻona koʻtarib, «barqaror» prognozi bilan «BB» darajasiga baholadi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilindi.
Agentlikning ta’kidlashicha, mamlakat avvalgi marta 2018-yilda «BB-» reytingini olgan edi. Oradan yetti yil oʻtib, reytingning oshirilishi Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining izchil mustahkamlanayotgani bilan izohlandi.
So‘nggi yillarda energetika tariflarining bosqichma-bosqich yangilanishi, boshqaruv shaffofligining oshishi va yirik investitsiya loyihalari O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligini mustahkamlamoqda. Konchilik, energetika va infratuzilma yo‘nalishlaridagi loyihalar uzoq muddatli o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Tashqi iqtisodiy pozitsiyaga eng katta ta’sir ko‘rsatayotgan omil – oltin eksporti. Markaziy bank zaxiralari 2025-yil oktabrida $59 mlrdga yetib, 2023-yildan buyon ikki barobardan ko‘proq oshdi. Zaxiralarning 80 foizi oltindan iborat. Oltinning yuqori narxi so‘mning mustahkamlanishiga va soliq tushumlarining o‘sishiga xizmat qildi.
Shu bilan birga, S&P oltin narxi tushsa, zaxiralar asta-sekin qisqarishi mumkinligini qayd etdi. Davlat qarzi esa reytingi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan «o‘rtacha» darajada qolmoqda.
O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi MDHda eng yuqori darajada – 2025-yilning uch choragida 7,6 foiz. Biroq aholi jon boshiga YIM past (taxminan $3500), bu esa mehnat migratsiyasining davom etishiga sabab bo‘lmoqda.
Agentlikning fikricha, davlat xarajatlarining o‘sishi, qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ortishi yoki investitsiya loyihalarining past rentabelligi reyting uchun xavf bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Fitch ham O‘zbekistonning reytingini «BB» darajasiga ko‘targan edi.