Yandex Uzbekistan Allplay platformasini xarid qilmoqda

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Yandex Uzbekistan bilan bog‘liq kompaniyalar guruhi tomonidan Allplay platformasiga egalik qiluvchi «Allmedia Safe Service» MChJ va «Anyway» MChJ ulushlarini xarid qilishga doir arizaga rozilik bildirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ariza «Plus Entertainment Services Holding Ltd» tomonidan taqdim etilgan edi. Qo‘mita avvalroq «Allmedia Safe Service» MChJni video (shu jumladan, televideniye va kino) hamda audio (shu jumladan, musiqa) kontentini onlayn uzatish yoki almashish xizmatlari bo‘yicha ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida e’tirof etgan.
Shuningdek, bozorda Yandex kompaniyasiga tegishli Kinopoisk raqamli platformasi ham onlayn video va audio kontent uzatish xizmatlarini taqdim etadi. Maxsus komissiya bitim tadbirkorlar va yakuniy foydalanuvchilarga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatmasligi maqsadida oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qarorda Allplay platformasi operatorining mustaqil bozor ishtirokchisi sifatida faoliyatini saqlab qolishi hamda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori talablariga to‘liq rioya etishi bo‘yicha majburiy shartlar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yandex Uzbekistan sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Yandex 360 virtual ofisini ishga tushirgani haqida xabar bergan edik.