O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi

Prezident «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Reyestr «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali olib borilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatiladigan oilalarni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy reyestrda oilalar «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratiladi. Mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan a’zolardan iborat va jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan oilalar davlat ta’minotidagi oila sifatida belgilanadi.
Mehnatga layoqatli a’zolari mavjud bo‘lib, jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar kambag‘al oila toifasiga kiritiladi. Jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan, shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan deb topilgan ayrim oilalar kambag‘allik chegarasidagi oila hisoblanadi.
Farmon bilan bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash tartibi ham belgilandi. Davlat ta’minotidagi oila toifasidagi oilalarga ijtimoiy yordamlar ularning bandlik holatidan qat’i nazar, qo‘shimcha murojaatsiz taqdim etiladi. Kambag‘al oila toifasidagi oilalarga nafaqa yoki moddiy yordam dastlab 6 oy muddatga tayinlanib, bu davrda mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy bandligi ta’minlanishi shart qilib belgilanadi. Kambag‘allik chegarasidagi oila toifasidagi oilalarga esa yordam 6 oy davomida to‘lanib, daromad darajasiga qarab uning miqdori kamaytirilgan holda belgilanadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-fevraldan davlat ta’minotidagi oila toifasiga kirgan oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi. U doirasida quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiya hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritish va toifalarni belgilash bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish maqsadida tuman va shahar hokimliklari huzurida mustaqil apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki yil ichida 20 ta Hududiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.