Hindistonning guruch bozoridagi ustunligi suv tanqisligini yanada kuchaytirmoqda

Hindiston joriy yilda Xitoyni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik guruch yetishtiruvchiga aylangan bir paytda mamlakatda suv inqirozi xavfi ortib bormoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Fermerlarning aytishicha, o‘n yil avval Haryana va Panjob shtatlarida 30 fut (9 metr) chuqurlikda suv chiqib turgan bo‘lsa, hozirda quduqlarni 80 dan 200 futgacha (24 – 60 metr) chuqurlashtirishga to‘g‘ri kelmoqda. Yerosti suvlari sathining pasayishi fermerlarni qimmatbaho uskunalar sotib olishga va chuqurroq quduq qazishga majbur qilmoqda.
Har bir kilogramm guruch yetishtirish uchun 3000 – 4000 litr suv sarflanadi, bu esa global o‘rtacha ko‘rsatkichdan 20 – 60 foizga ko‘pdir. Hukumatning guruch yetishtirish uchun beradigan subsidiyalari va kafolatlangan minimal narxlar fermerlarni suvni kam talab qiluvchi ekinlarga o‘tishdan qaytarmoqda. Masalan, guruch uchun kafolatlangan narx so‘nggi o‘n yilda 70 foizga oshgan.
Mutaxassislar fikricha, Hindiston hukumati aslida qimmatbaho yerosti suvlarini yo‘q qilish uchun pul to‘lamoqda. Ba’zi shtatlar, masalan, Haryana fermerlarga tariq kabi kam suv talab qiluvchi ekinlarni ekish uchun bir martalik rag‘batlantirish pullari taklif etmoqda, ammo bu hali kutilgan natijani bermayapti.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kaliforniyadagi toshqinlar oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.