Neft narxi 2026-yilda pasayadi — prognoz

eʼlon qilindi
2027-yilga borib esa narxlar bosqichma-bosqich tiklanishi mumkin
Foto: DeminPan / www.depositphotos.com

AQShda joylashgan Goldman Sachs investitsiya banki tahlilchilari 2026-yilda global neft narxining pasayishini taxmin qilmoqda.

Buning asosiy sababi talabdan taklifning oshib ketishi bo‘ladi, bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu kuniga 2,3 million barrelga yetadi. Bozorni muvozanatlash uchun narxlarni pasaytirish talab etiladi, bu esa Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti — OPEC’ga a’zo bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilar orasida ishlab chiqarish o‘sishini sekinlashtiradi.

2026-yilga prognoz qilingan o‘rtacha narxlar — Brent’ning bir barreli $56 va WTI uchun $52 miqdorida. To‘rtinchi chorakda eng past ko‘rsatkichlar mos ravishda $54 va 50 bo‘lishi kutilmoqda.

Agentlikning yozishicha, Rossiya, Ukraina, Eron va Venesuela atrofidagi davom etayotgan beqarorlikka qaramay, Goldman Sachs OPEC’ning ishlab chiqarishni qisqartirish orqali javob qaytarishini kutmayapti. Shu bilan birga, AQShning saylovlar oldidan barqaror ta’minot va past narxlarga qaratilgan siyosati ham narxlarning oshishini cheklaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, 2027-yilga borib neft narxlari bosqichma-bosqich tiklanishi, taklif sekinlashib, talab o‘sishi davom etishi mumkin. Biroq AQSh, Venesuela va Rossiyadan taklifning kutilayotgan o‘sishi tufayli ushbu davrda o‘rtacha narxlar Brent uchun $58 ga yetadi va WTI uchun esa $54 ga boradi.

Bankning fikricha, talabning ortishi va sanoatga yillar davomida investitsiyalarning yetarli darajada kiritilmagani sababli, o‘n yillikning oxiriga borib narxlarning sezilarli darajada o‘sishi boshlanadi. 2030–2035-yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli prognoz ham Brent uchun $5 ga pasayib, $75 ga va WTI uchun 71 dollarga tushirildi.

Avvalroq «Kursiv» AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishi tufayli dunyoda neft narxlari pasayib ketgani, dollar esa qimmatlayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Iroq hukumati Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan G‘arbiy Qurna-2 neft konini vaqtincha davlat nazoratiga o‘tkazish rejasini ma’qullagandi.

Shuningdek