Endi Lada Granta faqat mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlab chiqariladi

AvtoVAZ kompaniyasi Lada Granta modelini avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlab chiqarishni rejalashtirmayapti. Bu haqda kompaniyaning mahsulot marketingi rahbari Sergey Kornienko ma’lum qildi.
Kornienko kompaniya Lada Iskra modelida katta salohiyat ko‘rayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hozirgi Lada Granta modeliga avtomat uzatma qo‘shilsa, tannarx oshib ketadi va Lada Iskra bilan narx farqi sezilarli darajada qisqaradi.

«Hozirda ko‘proq e’tiborimiz LADA Iskra’ga qaratilgan. Biz unda ko‘proq imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Agar hozirgi LADA Granta’ga avtomat qo‘shilsa, ma’lum vaqt o‘tadi, tannarx ham oshadi va ehtimol Iskra’ning avtomatli versiyasidan narxdagi farqi juda kam bo‘lib qoladi», – dedi marketing rahbari.
Eslatib o‘tamiz, yaponiyalik Jatco firmasining 4 bosqichli avtomat uzatmasi va 98 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan Lada Granta 2024-yilning aprel oyida sotuvga chiqqan edi. Jami 5 ming dona shunday avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning bir qismi ijtimoiy xizmatlar shartnomasi doirasida yetkazib berilgan. Dilerlarning ta’kidlashicha, ushbu cheklangan partiyaga talab yuqori bo‘lgan.
2025-yilning yozida ishlab chiqarila boshlangan Lada Iskra esa Xitoyning WanLiYang kompaniyasi variatori bilan jihozlangan. Ushbu transmissiyaga ega eng arzon Lada Iskra narxi $19,2 mingni tashkil qiladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Lada Granta Rossiyada eng ko‘p sotilgan yengil avtomobil maqomini saqlab qoldi. Yil davomida 147 ming dona ushbu modeldagi mashina xarid qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangilangan Lada Granta Sport avtomobilining narxi qanchaligi haqida xabar bergan edi.