Tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etiladi

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozlar va preferensiyalarning yagona reyestrini shakllantirish hamda yangilab borish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat imtiyoz va preferensiyalar bo‘yicha yagona reyestrni shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish mexanizmlarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, imtiyoz va preferensiyalar haqidagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.mf.uz platformasida shakllantiriladi. Ushbu ma’lumotlar o‘zaro integratsiya orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tadbirkorlarga bepul taqdim etiladi.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari o‘z vakolati doirasida taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar hamda ularga oid barcha zarur ma’lumotlarni mazkur platformadagi reyestrga joylashtirishi shart. Jumladan, imtiyozning nomi va turi, uni taqdim etish asos bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, sanasi va havolasi, amal qilish muddati, qamrov doirasi, sohalari hamda imtiyoz oluvchi subyektlar toifasi kabi ma’lumotlar kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlarga yengillik sifatida «Yagona davlat nazorati» mobil ilovasi ishga tushirilishi haqida yozgan edik.