Faxriy maqomi kimlarga beriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Faxriylar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Quyi palata matbuot xizmatiga ko‘ra, loyihada faxriylar maqomi, ularning toifalari hamda mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ma’lum bir soha yoki kasbda uzoq yillar davomida vijdonan va namunali mehnat qilgan, davlat va jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan fuqarolarga faxriy maqomi beriladi.
Mazkur maqomni olgan shaxslar bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Ular sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskanlarida bepul davolanishi, kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiya olishi, soliq va pensiya bo‘yicha yengilliklardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, faxriylar ambulator davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanadi. Ular teatr, muzey va boshqa madaniy maskanlarning pulli xizmatlaridan ham chegirma asosida foydalanadi.
Qayd etilishicha, yangi qonun bilan faxriylar uchun barcha imtiyoz va kafolatlar aniq tartibga solinadi. Muhokamalardan so‘ng loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 30 million so‘mdan pul berilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat ko‘rsatish, yolg‘iz faxriylarning yashash sharoitlarini yaxshilash hamda turli xotira tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan.