Sirdaryoda 3,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlar aniqlandi

Sirdaryo tumanida joylashgan «D. I.» fermer xo‘jaligi suv nasosi hisoblagichiga aralashish yo‘li bilan 3,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan qonunga xilof ravishda foydalangan. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura shtabi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida mazkur qonunbuzarlik fosh etilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasiga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 464 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, Andijon shahrida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan. U yerda MChJga tegishli ishlab chiqarish sexi o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangan holda faoliyat yuritgan.
Mazkur qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 5 mlrd 461 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani qayd etildi. Ikkala holat yuzasidan ham tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda 1,4 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edi.