Oliygoh bitiruvchilarining o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘m — tahlil

eʼlon qilindi
Bitiruvchilarning bandlik darajasi esa 75 foizni tashkil qilgan
Talaba
Oliygoh bitiruvchilarining o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi / Foto: FE

O‘zbekistonda 2025-yilda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi ma’lum qildi.

Bitiruvchilar sifati indeksi doirasida 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 242,6 ming nafar bitiruvchisi bo‘yicha dastlabki modellashtirish amalga oshirildi. Natijalarga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik darajasi 75 foizni, o‘rtacha oylik ish haqi esa 5,1 mln so‘mni tashkil qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bitiruvchilarning o‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 1 kunni tashkil etgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 60,1 foizi kamida 4 oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangan.

Yo‘nalishlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi biznes va boshqaruv sohasida qayd etilib, 8,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda huquq yo‘nalishi 7,3 mln so‘m va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi 6,8 mln so‘m bilan qayd etilgan.

Foto: Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi

Bitiruvchilar sifati indeksining eng yuqori ko‘rsatkichlari matematika va statistika yo‘nalishida 69,6 ball, ta’lim yo‘nalishida 66,7 ball hamda biznes va boshqaruv yo‘nalishida 63,9 ballni tashkil etdi. Eng yaxshi natijaga ega Top – 20 oliygoh karyera markazlari 500 mln so‘mdan rag‘batlantiriladi.

Qayd etilishicha, mazkur natijalar 8 oylik kuzatuv davri asosidagi dastlabki modellashtirish hisoblanadi. Bitiruvchilar sifati indeksining yakuniy natijalari 12 oylik ma’lumotlar asosida joriy yilning avgust oyida e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda bitiruvchilarning 8 mingdan ortiq biznes loyihalari moliyalashtirilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek