Ozarbayjonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoq ochish taqiqlandi

eʼlon qilindi
Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 12 oy o‘tib kuchga kiradi
O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi qonun bilan cheklanishi mumkin
Foto: Getty Images

Ozarbayjon parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. APA nashri yozishicha, yangi tartib kuchga kirgach, ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi shart bo‘ladi.

16 yoshgacha bo‘lgan bolalar akkaunt ocha olmaydi

Yangi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy akkaunt yaratishga ruxsat berilmaydi.

16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa faqat ota-onasi yoki qonuniy vakilining roziligi bilan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Foydalanuvchi yoshini tasdiqlash uchun elektron pochta, telefon raqami va bank kartasi ma’lumotlaridan foydalanilishi aytilmoqda.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 12 oy o‘tib kuchga kiradi. Shu muddat ichida ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilar yoshini tekshirish bo‘yicha texnik yechimlarni joriy qilishi kerak bo‘ladi.

Ota-onalar uchun nazorat vositalari yaratiladi

Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar ota-onalarga bolalarning platformadagi faoliyatini nazorat qilish imkoniyatini berishi kerak.

Ota-onalar kontent, reklama va farzandining ijtimoiy tarmoqda qancha vaqt o‘tkazishini nazorat qila olishi ko‘zda tutilgan.

Bolalar uchun xavfli deb topilgan kontent aniqlangandan keyin 24 soat ichida o‘chirib tashlanishi kerak bo‘ladi.

Qonun kuchga kirgach, ijtimoiy tarmoqlar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning avval ochilgan akkauntlariga ham cheklov qo‘yishi kerak. Agar foydalanuvchining yoshi tasdiqlanmasa, akkaunt va unga bog‘liq shaxsiy ma’lumotlar o‘chirib tashlanadi.

Qoidabuzarlik uchun katta jarimalar belgilanadi

Talablarni bajarmagan platformalarga bosqichma-bosqich choralar qo‘llanadi. Avval yozma ogohlantirish beriladi. Shundan keyin 100 ming va 300 ming manat ($58,8 ming – $176,5 ming) miqdorida jarimalar qo‘llanishi mumkin.

Keyingi bosqichda Ozarbayjon davlat organlari va soliq to‘lovchilariga bunday platformalarda reklama joylashtirish taqiqlanadi.

Agar qoidabuzarliklar bartaraf etilmasa, sud qarori bilan platforma trafigi bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin. Avval trafik 20 foizga, keyin 50 foizga, oxirida esa 90 foizgacha cheklanishi ko‘zda tutilgan.

Platformalar har yili hisobot beradi

Ijtimoiy tarmoq operatorlari har yili 15-yanvargacha vakolatli organga qonun talablari qanday bajarilgani haqida hisobot taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Hisobotda akkaunt ochish rad etilgan holatlar bo‘yicha statistika ham keltiriladi.

O‘zbekistonda ham shunday taklif muhokama qilinmoqda

Avvalroq O‘zbekistonda ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh cheklovi joriy etish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum qilingandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan dastlabki muhokamalar o‘tkazilgan. Endilikda qonun loyihasi tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek