Toshkentda 4,7 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi

Toshkent shahrida soxta xarid cheklari orqali davlat budjetidan jami 4,7 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni keshbek sifatida o‘zlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda MChJlardan birining mas’ul shaxslari kompyuter texnikasidan foydalangan holda go‘yoki 76,2 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilingani haqida soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirgani aniqlangan. Ular savdodan tushgan pullarni nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilib, tovarlar fuqarolarga sotilgani haqida qalbaki xarid cheklari chiqargan.
Mazkur cheklar Telegram orqali ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan 2 475 nafar shaxsga 70–150 ming so‘mdan sotilgan. Natijada «Soliq Mobile» ilovasida 7,5 mlrd so‘m keshbek hisoblangan va shundan 4,1 mlrd so‘mi to‘lab berilgan. Ushbu mablag‘lar budjetdan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani qayd etilgan.
640,8 mln so‘mlik firibgarlik
Chilonzor tumanida aniqlangan yana bir holatda esa ikki MChJning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 10 mlrd so‘mlik mahsulotlar xarid qilingani haqida soxta ma’lumotlar tayyorlagan. Qalbaki xarid cheklari Telegram orqali ijtimoiy himoya reyestridagi 1 812 nafar shaxsga 100–150 ming so‘mdan sotilgan. Ushbu cheklar asosida 1 mlrd so‘m keshbek hisoblanib, shundan 640,8 mln so‘mi to‘lab berilgan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanishga oid moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Yakkasaroyda beshta bino ruxsatsiz qurilgani aniqlangani haqida yozgan edi.