«Ayollarday emas». Toqayev erkakcha salomlashish kerakligini aytdi

eʼlon qilindi
U quchoqlashib yoki o‘pishib ko‘rishish o‘rniga qo‘lni mahkam siqishni tavsiya qildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda jamoat odob-axloqi va salomlashish madaniyatiga oid qarashlarini bildirdi. U erkaklar o‘rtasidagi an’anaviy salomlashish shakliga qaytish kerakligini aytib, quchoqlashib yoki o‘pishib ko‘rishish o‘rniga qo‘lni mahkam siqishni tavsiya qildi. Bu haqda davlat rahbari Qurultoy saylovida ovoz berganidan so‘ng o‘tkazilgan brifingda gapirdi.

To‘qayev quchoqlashib ko‘rishishga qarshi chiqdi

Prezident yangi jamoat etikasi va xulq-atvor qoidalarini shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusni o‘zi ilgari surgan va bunda Qozog‘istonning an’anaviy qadriyatlariga qaytish muhim.

«Erkaklar bir-birini quchoqlab, o‘pib ko‘rishishi, ayollar erkaklarni, erkaklar esa ayollarni o‘pishi to‘g‘ri emas. Bizning an’analarimizda bunday holat hech qachon bo‘lmagan. Ayniqsa, harbiy kiyimdagi insonlar bunday qilmasligi kerak. Bu nima degani?» – dedi Toqayev.

«Qo‘lni mahkam siqish kerak»

Davlat rahbari erkaklar o‘rtasidagi an’anaviy salomlashish shakli qo‘l berib ko‘rishish bo‘lishi kerakligini aytdi.

«Erkaklar bir-biriga qo‘l uzatib, uni mahkam siqishi kerak. Qo‘lni issiq kotlet yoki novdadek bo‘sh uzatib qo‘yish emas, tabassum bilan salomlashish kerak. Har doim shunday bo‘lgan», – dedi prezident.

Toqayevning ta’kidlashicha, salomlashish vaqtida o‘ng qo‘lni yurakka qo‘yish ham mumkin. U buni mamlakatda shakllantirilayotgan yangi «xulq-atvor kodeksi»ning bir qismi sifatida ko‘rishini bildirdi.

«Toza» tushunchasi faqat ozodalikka taalluqli emas

Prezident yangi odob-axloq tamoyillarini kengroq ma’noda tozalik va tartib madaniyati bilan bog‘ladi.

Uning fikricha, «toza» tushunchasi nafaqat tashqi ozodalikni, balki insonning fikrlari va qalbidagi poklikni ham anglatadi.

«Biz, haqiqatan ham, madaniyatli millat, keng ma’noda toza millatga aylanishimiz kerak», – dedi Toqayev.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv jamiyatda o‘zini tutish madaniyatini oshirish va milliy an’analarni qayta tiklashga qaratilgan.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga mamlakatning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani munosabati bilan tabrik maktubi yo‘llagandi.

Shuningdek