Endi arzon Android smartfonlar ishlab chiqarilmaydimi

2-sentabr 2026 11:22 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Endi arzon Android smartfonlar ishlab chiqarilmaydimi
Foto: Android Authority

IDC prognoziga ko‘ra, 2026-yilda jahon bo‘yicha smartfon yetkazib berish hajmi rekord 16,7 foizga kamayishi mumkin. Xotira chiplari qimmatlashgani sabab arzon Android qurilmalar ishlab chiqarish tobora foydasiz bo‘lib bormoqda, smartfonlarning o‘rtacha sotuv narxi esa 27,6 foizga oshib, rekord $581 ga yetishi kutilmoqda. Bu haqda Android Authority xabar berdi.

IDC’ning 2026-yil avgustdagi prognoziga ko‘ra, smartfon bozori avval kutilganidan ham keskinroq qisqaradi. May oyida yetkazib berish 13,9 foizga pasayishi taxmin qilingan edi, yangi hisob-kitobda esa pasayish 16,7 foizgacha oshirilgan. Asosiy sabab sifatida DRAM va NAND xotira komponentlari taqchilligi ko‘rsatilmoqda.

Xotira komponentlari 300 foizdan ortiq qimmatlashgan

Manbaga ko‘ra, xotira komponentlari narxi bir yil ichida 300 foizdan ko‘proq oshgan. Bunga chip ishlab chiqaruvchilarning yuqori daromad keltiradigan sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlariga ko‘proq ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘naltirayotgani sabab bo‘lmoqda.

Smartfon ishlab chiqaruvchilari esa oshgan xarajatlarni avvalgidek o‘z hisobidan qoplay olmayapti. Natijada qurilmalar narxi ko‘tarilmoqda. IDC vakili Fransisko Xeronimo vaziyatni iste’molchilar «AI uchun hisob to‘lay boshlagani» bilan izohlagan.

Android yetkazib berish 24,3 foizga kamayishi mumkin

IDC hisob-kitobiga ko‘ra, Android smartfonlari yetkazib berish hajmi 2026-yilda 24,3 foizga pasayishi mumkin. Eng katta zarba arzon segmentga to‘g‘ri kelmoqda. Narxi $100 dan past bo‘lgan smartfonlar yetkazib berilishi 2026-yilning II choragida qariyb 60 foizga kamaygan.

Arzon telefon ishlab chiqaruvchilar odatda juda kichik foyda marjasi bilan ishlaydi. Komponentlar qimmatlashishi esa ularning bunday narxda qurilma chiqarishini qiyinlashtirmoqda.

O‘rta segment ham qimmatlashmoqda

Bozordagi yana bir o‘zgarish – o‘rta narxdagi smartfonlarning ham qimmatlashayotgani.

Ayrim modellarning narxi $500 dan oshib, flagman qurilmalar narxiga yaqinlashmoqda. Shu sabab ayrim xaridorlar o‘rta segment o‘rniga kuchliroq protsessor, yaxshiroq materiallar va uzoqroq dasturiy qo‘llab-quvvatlashga ega premium smartfonlarni tanlay boshlagan.

Bu tendensiya flagman modellarga talabning ortishiga yordam bermoqda.

Bukiluvchi smartfonlar o‘sishda davom etadi

Umumiy smartfon bozori pasayayotganiga qaramay, bukiluvchi qurilmalar segmentida o‘sish kutilmoqda.

IDC prognoziga ko‘ra, 2026-yilda bukiluvchi smartfonlar yetkazib berilishi 12,6 foizga oshib, 22,9 mln donaga yetadi. 2027-yilda ushbu segment yana 18 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Bozor 2028-yildan tiklanishi mumkin

IDC grafikiga ko‘ra, smartfon bozori 2026-yildagi keskin pasayishdan keyin 2027-yilda yana 2,9 foizga qisqarishi mumkin.

2028-yildan boshlab esa tiklanish kutilmoqda: yetkazib berish hajmi 4,5 foizga, 2029-yilda 3,6 foizga va 2030-yilda 2,8 foizga o‘sishi prognoz qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avgust oyining eng kuchli Android smartfonlari aniqlangandi. Subflagman, ya’ni flagmanlardan bir pog‘ona past turuvchi yuqori o‘rta segment qurilmalari orasida Honor 600 Pro 2 187 704 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek