
Xiaomi yangi HyperOS 4 tizimini Android 17 olishi kutilayotgan qurilmalarning deyarli barchasida ichki sinovdan o‘tkaza boshladi. Ximitime ma’lumotlariga ko‘ra, 112 ta ehtimoliy qurilmadan 108 tasida test jarayoni boshlangan.
HyperOS 4 chiqarilganiga atigi 15 kun bo‘lganiga qaramay, yangi tizim ko‘plab Xiaomi, Redmi va Poco qurilmalarida tekshirilmoqda.
Hozircha barcha aniqlangan test versiyalari Android 17 asosida ishlayotgani qayd etilgan.
Android 16 uchun HyperOS 4 hozircha ko‘rinmadi
Manbaga ko‘ra, Android 16’da ishlaydigan birorta smartfon yoki planshetda HyperOS 4 sinovi aniqlanmagan.
Bundan tashqari, Android 16 asosidagi HyperOS 4 versiyasi ishlab chiqilayotganini ko‘rsatuvchi belgilar ham hozircha topilmagan.
Ayrim eski modellar HyperOS 4’ni olmasligi mumkin
Hozircha Redmi Note 13 Pro 4G, Redmi Note 14S, Redmi A5 4G, Poco C71, Poco M6 Pro 4G va Poco X6 5G uchun HyperOS 4 tayyorlanayotgani haqida ma’lumot yo‘q.
Bu ushbu qurilmalar yangi tizimni umuman olmaydi degani emas, biroq hozirgi bosqichda ular bo‘yicha testlar aniqlanmagan.
Xavfsizlik yangilanishlari davom etadi
HyperOS 4’ni olmaslik qurilmaning dasturiy qo‘llab-quvvatlashi to‘liq tugashini anglatmaydi.
Ayrim modellar 2028–2029-yillargacha xavfsizlik yangilanishlarini olishda davom etishi kutilmoqda. Masalan, Redmi A5 4G uchun xavfsizlik yangilanishlari 2029-yil apreligacha taqdim etilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi 18 Fold smartfoni qachon taqdim etilishi haqida xabar berilgandi. Shu tariqa Xiaomi o‘zining yangi qurilmasini Apple’ning 9-sentabrga kutilayotgan taqdimotidan ikki kun oldin namoyish etadi. Mazkur tadbirda Apple yangi iPhone Ultra modelini taqdim qilishi kutilmoqda.