Indoneziyada vulqon otilishi 340 ming yo‘lovchini aeroportlarda qoldirdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Vulqonga uch kilometrdan yaqinlashish taqiqlandi
Indoneziyada vulqon otilishi 340 ming yo‘lovchini aeroportlarda qoldirdi
Foto: Reuters

Indoneziyada Anak Krakatau vulqonining otilishi oqibatida ikki kun davomida yopiq qolgan beshta aeroport seshanba kuni yarim tundan keyin faoliyatini qayta boshladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Vulqon faolligi qariyb 3 mingta reysning buzilishiga sabab bo‘ldi, 340 mingdan ortiq yo‘lovchi esa aeroportlarda qolib ketdi.

Anak Krakatau juma kuni kechqurun otila boshlagan. Vulqondan lava favvoralari otilib, kul bulutlari Jakarta shahri hamda Lampung provinsiyasigacha yetib borgan. Dam olish kunlari davomida hududda seysmik faollik yuqori bo‘lib qoldi.

Jakarta aeroporti ikki kun faoliyatini to‘xtatdi

Jakartadagi Soekarno-Hatta xalqaro aeroporti yakshanba kuni ertalab reyslarni to‘xtatgan birinchi aeroport bo‘ldi. U faqat seshanba kuni soat 00:30 da yana faoliyatini tikladi.

Aeroportlar yopilishi natijasida minglab reyslar bekor qilindi yoki kechiktirildi. Dushanba kuni Soekarno-Hatta aeroportining jo‘nab ketish zallarida uzun navbatlar yuzaga kelgan. Yo‘lovchilar chiptalar uchun pullarini qaytarib olishga va reyslar qachon tiklanishi haqida ma’lumot olishga harakat qilgan.

Ba’zi sayohatchilar muqobil transport vositalarini izlashga majbur bo‘lgan. Ayrim yo‘lovchilar poyezdlardan foydalangan, boshqalari esa mehmonxonalarda yoki aeroportning o‘zida qolgan.

Vulqon kuli 15 kilometr balandlikkacha ko‘tarildi

Indoneziya Geologiya agentligi vulqonning yana otilish ehtimoli yuqori bo‘lib qolayotganini bildirgan.

Meteorologiya agentligi BMKG ma’lumotiga ko‘ra, vulqon kuli Yava tomonda 6 kilometr, Sumatra tomonda esa 15 kilometr balandlikkacha ko‘tarilgan. Kul Banten provinsiyasining ayrim hududlariga ham tarqalgan.

Anak Krakatau vulqoni Yava va Sumatra orollari orasidagi Sunda bo‘g‘ozida joylashgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi otilish yakshanba kuni soat 20:23 da qayd etilgan.

Indoneziya transport vaziri Dudi Purvagandi vulqon faolligi va ob-havo sharoiti o‘zgaruvchan bo‘lgani sabab vaziyat qachon to‘liq barqarorlashishini oldindan aytish qiyinligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aeroportlardagi mutaxassislar vulqon kulining tarqalishi kuchayayaptimi yoki kamayyaptimi, degan savolga javob olish uchun har 30 daqiqada tekshiruv o‘tkazib turgan.

Vulqonga uch kilometrdan yaqinlashish taqiqlandi

Rasmiylar faol krater atrofidagi uch kilometr radiusdagi hududga kirish va u yerda har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlagan.

Sunda bo‘g‘ozidan o‘tadigan kemalarga ham vulqon atrofidagi uch kilometrlik xavfli hududga yaqinlashish mumkin emasligi haqida ogohlantirish berilgan.

Shu bilan birga, hukumat vulqonning hozirgi faolligi bilan bog‘liq sunami xavfi mavjud emasligini ma’lum qilgan.

Avvalroq «Kursiv» Indoneziyadagi zilzilada o‘zbekistonliklar jabrlanmagani haqida yozgan edi.

Shuningdek