
Oppo kompaniyasi yangi Oppo Find X10 seriyasining dizaynini rasman namoyish etdi va taqdimot sanasini e’lon qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Smartfonlar Moon White, Warm Orange, Ice Blue va Light Titanium ranglarida sotuvga chiqadi. Shu kuni kompaniya Watch S2 aqlli soati va Enco X4 quloqchinlarini ham namoyish qiladi. Xitoyda yangi qurilmalar uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish boshlangan.
Find X10 ikkita 200 MP kameraga ega bo‘ladi
Oppo Find X10 ikkita 200 megapikselli kamera – asosiy va telefoto modul bilan jihozlanadi. Find X10 Pro Max’da esa 200 megapikselli kameralar soni uchtaga yetadi.
Har ikki modelda Hasselblad Ultra-Clear Original Camera tizimi va ikkinchi avlod Danxia optikasi qo‘llanadi. Shuningdek, smartfonlar Tiangma Tiangong Screen 2.0 OLED displeyiga ega bo‘ladi.

Ekran ramkasi 0,99 mmgacha qisqaradi
Find X10 modelida displey atrofidagi ramka to‘rt tomondan atigi 0,99 mmni tashkil etadi. Bu Oppo’ning Find seriyasi tarixidagi eng ingichka ramkalardan biri bo‘ladi.
Kompaniya yangi avlod qurilmalarida ekran maydonidan foydalanish samaradorligini oshirish va korpus o‘lchamlarini ixcham saqlashga urg‘u bermoqda.
Batareya sig‘imi 8 000 mA/soatgacha yetadi
Find X10 seriyasidagi qurilmalarda batareya sig‘imi 8 000 mA/soatgacha yetadi. Oppo akkumulyator besh yildan ortiq odatiy foydalanish davomida ishlashga mo‘ljallanganini ta’kidlamoqda.
Bu ko‘rsatkich yangi seriyani yuqori sig‘imli batareyaga ega flagmanlar qatoriga olib chiqishi mumkin.
Find X10 Android 17 bilan ishlaydi
Find X10 va Find X10 Pro Max Geekbench bazasida 16 GB tezkor xotira hamda Android 17 operatsion tizimi bilan paydo bo‘lgan.
Bazaviy Find X10 MediaTek Dimensity 9500 protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda. Find X10 Pro Max esa 2 nanometrli MT6995 platformasini olishi mumkin. Mazkur chip bozorda Dimensity 9600 Pro nomi bilan chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oppo A7 Pro smartfoni rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.