Indoneziyada bedarak yo‘qolgan 130 kishi qidirilmoqda

eʼlon qilindi
Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda
Indoneziyada bedarak yo‘qolgan 130 kishi qidirilmoqda
Foto: Infuz/AFP

Indoneziyada 243 kishini olib ketayotgan Virgo Transport 8 paromi Yava dengizida noqulay ob-havo sabab cho‘kib ketdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, 107 kishi qutqarilgan, yana qariyb 130 yo‘lovchi bedarak yo‘qolgan.

Parom Surabayadan Banjarmasinga yo‘l olgan

Virgo Transport 8 mamlakatning ikkinchi yirik shahri Surabayadan Borneo orolidagi Janubiy Kalimantan provinsiyasi markazi Banjarmasinga ketayotgan edi.

Kema shanba kuni mahalliy vaqt bilan 10:13 da yo‘lga chiqqan. Yakshanba kuni erta tongda ob-havo yomonlashgani fonida operator parom bilan aloqani yo‘qotgan. Kema yakshanba kuni soat 14:00 atrofida Banjarmasinga yetib borishi kerak edi.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda

Operator hodisa haqida rasmiylarga xabar bergach, qidiruv-qutqaruv operatsiyasi boshlangan.

Paromning so‘nggi ma’lum joylashuv nuqtasiga kemalar va vertolyot yuborilgan. Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, bu hudud Banjarmasindagi prichaldan qariyb 148 km uzoqlikda joylashgan. Qutqaruv xizmati rahbari I Putu Sudayana qidiruvga mavjud barcha kuch va vositalar safarbar etilganini bildirdi.

107 kishi qutqarildi

Rasmiylar hozirgacha 107 kishi xavfsiz joyga olib chiqilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, olti kishining o‘limi tasdiqlangan. Qariyb 130 kishi esa hanuz topilmagan. Qutqaruvchilar dengizdagi ob-havo sharoitini kuzatgan holda qidiruvni davom ettirmoqda.

Indoneziyada dengiz transporti muhim ahamiyatga ega

Taxminan 17 ming oroldan iborat Indoneziyada paromlar asosiy transport vositalaridan biri hisoblanadi. Dengiz orqali qatnov ko‘pincha aviaqatnovga qaraganda arzonroq va qulayroq.

Biroq mamlakat dengiz transportida xavfsizlik talablariga rioya etish darajasi bir xil emas, bu esa yirik avariyalar xavfini oshiradi.

Avvalroq «Kursiv» Indoneziyada vulqon otilishi 340 ming yo‘lovchini aeroportlarda qoldirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek