Abituriyentlarga ruxsatnomalar berish boshlandi
2024/2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar ruxsatnomalarini 9-iyuldan boshlab olishlari mumkin. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.
Abituriyentlar ruxsatnomasida test sinovi topshirish hududi va hududga kelish vaqti, hudud manzili, test topshirish alifbosi, ta’lim shakli va ta’lim tili koʻrsatilgan boʻladi.
O‘z ruxsatnomalarini abituriyentlar shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport ma’lumotlarini my.uzbmb.uz saytiga kiritish orqali olishlari mumkin.
Test sinoviga abituriyentlar pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda abituriyentlar soni 12 foizga kamaygani haqida xabar bergan edik.