Moskva birjasiga kiritilgan sanksiyalar sabab savdolarning bir qismi Oʻzbekiston valyuta bozoriga koʻchdi – MB

eʼlon qilindi
Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov maʼlum qildi
Foto: Toxawww / www.depositphotos.com

AQSh tomonidan Moskva birjasiga kiritilgan sanksiyalar sabab savdolarning bir qismi Oʻzbekistondagi valyuta bozori va birjadan tashqari bozorga koʻchdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Kursiv» muxbiri.

«Albatta, Moskva birjasiga kiritilgan sanksiyalar Oʻzbekistonda rubl boʻyicha amalga oshirilayotgan operatsiyalarini tezlashtirdi. Agar e’tibor berib qaraladigan boʻlsa, biz Rossiya bilan boʻladigan tashqi iqtisodiy aloqalarda ijobiy tafovutga egamiz. Moskva birjasiga sanksiyalar kiritilishiga qadar ham Oʻzbekistonga hamma pul oʻtkazmalari rublda oʻtkazilar edi. Biz uni birjada dollarga ayirboshlab olib kirganmiz.

Shuningdek, Oʻzbekiston eksport tovarlarining katta qismi rublda sotiladi. Xuddi shunday holat import tovarlarda ham kuzatiladi. Biz oʻsha Oʻzbekistonga kirishi kerak boʻlgan rublni Moskva birgasida konvertatsiya qilib, ya’ni erkin almashtiradigan valyuta sifatida Oʻzbekistonga kirib kelishini ta’minlaganmiz», deydi Markaziy bank raisi.

Oldin Rossiyadan import qiladigan subyektlar rublga boʻlgan ehtiyojlarini Moskva birjasi orqali dollarini rublga almashtirgan boʻlsa, hozir bu jarayon oʻz-oʻzidan birjadan chiqib ketib, banklararo valyuta savdosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

«Bu bilan biron-bir narsa oʻzgargani yoʻq. Faqat dollarni rublga, rublni dollarga aylantirish segmentining bir qismi Oʻzbekistonga oʻtgan boʻlsa, ikkinchi qismi Rossiyadagi banklararo bozorga oʻtdi. Yaʼni Oʻzbekistonda rublga boʻlgan ehtiyoj paydo boʻlsa, endi dollarni Moskva birjasida sota olmaydi. Bu oʻz-oʻzidan Oʻzbekistonda rubl tushumiga ega boʻlgan subyektlarga sotish bilan amalga oshiriladi», deydi Nurmuratov.

Bu moʻtadil normal jarayonligi, oldin birjada amalga oshirilgan operatsiyalar endi birjadan tashqarida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Respublika valyuta birjasida rubldagi savdolar hajmi qanday oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek