AQSh dollarining rasmiy kursi uch kunlik pastlashdan soʻng koʻtarildi
17-yanvar kuni AQSh dollarining rasmiy kursi 11,74 soʻmga oshib, 12 967,00 soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
AQSh dollari ketma-ket uch kunlik pasayishdan soʻng yana koʻtarildi. Mamlakatdagi tijorat banklari bir AQSh dollarni 12 895 – 12 940 soʻmdan sotib olayotgan boʻlsa, 12 960 – 13 020 soʻm oraligʻida sotmoqda.
Shuningdek, boshqa valyutalar ham oshdi, xususan, yevro 25,04 soʻmga oshib, 13 352,12 soʻmni tashkil qildi. Rossiya rubli esa 0,05 soʻmga oshib 126,49 soʻm boʻldi.
Kursiv Uzbekistanʼga sharh bergan tahlilchilarning fikricha, yil oxirigacha AQSh dollari 13 700 – 13 800 soʻmga yetishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 13-yanvar kuni dollar rekord daraja – 12 972,08 soʻmga yetgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16-yanvar kuni AQSh dollari rasmiy kursi 6,15 soʻmga pasaygani haqida xabar bergan edi.