Yoshlar biznesi va bandligi uchun $200 mln qanday taqsimlanadi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi
Foto: pressmaster / www.depositphotos.com

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun $100 million ajratiladi. Ushbu mablag‘ hisobidan tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi, shuningdek, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvi davomida e’lon qildi.

Davlatimiz rahbari yoshlarga o‘z biznesini ochish, startaplarni rivojlantirish va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan uchta qarorni imzolaganini ma’lum qildi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga $100 million ajratiladi. Ushbu jamg‘arma orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi. Shuningdek, startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritish imkoniyati yaratiladi.

Ikkinchi hujjat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini nazarda tutadi. Bugungi kunda universitetni tamomlayotgan 90 ming nafar yosh mutaxassislik bo‘yicha ish topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu sababli ushbu muammoni hal etish uchun Milliy bankka $100 million ajratiladi.

Bank Oliy ta’lim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda bitiruvchilarning tashabbus va biznes g‘oyalarini loyihaga aylantirish uchun maxsus bank xizmatlari paketlarini ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha hokimlar, bank va yirik korxonalar rahbarlaridan iborat maxsus komissiya tashkil etiladi. Ushbu komissiya mehnat bozoridagi ehtiyojlarni o‘rganish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash hamda yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha masalalarni hal etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat rahbari imzolagan qarorga asosan, «Aloqabank» yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch «yoshlar banki»ga aylantirilishi va unga $200 million ajratilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi. Ushbu tashabbus prezident imzolagan uchinchi hujjatda belgilangan.

Shuningdek