Turkiyada Ahmad al-Farg‘oniy sharafiga byust o‘rnatildi

Turkiya poytaxti Anqaraning Kechioren tumanida buyuk alloma Ahmad al-Farg‘oniy sharafiga o‘rnatilgan byustning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tantanali tadbirda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov, Kechioren tumani hokimi Mesut O‘zarslan, Turksoy bosh kotibi o‘rinbosari Sayid Yusuf, shuningdek, diplomatik korpus vakillari, olimlar va jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik aloqalari izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Ahmad al-Farg‘oniyning ilmiy merosi barcha turkiy xalqlar uchun faxr manbai ekani, uning nomini abadiylashtirish esa yosh avlodni ilm va ma’rifatga yetaklash maqsadida amalga oshirilayotgani qayd etildi. Tadbir yakunida xonanda Otabek Muhammadzohid ijrosidagi milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Turkiyada Alisher Navoiyga atab haykal qo‘yilgan edi.