
Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi UzAuto Motors barqaror reytingni saqlanib qolganini ma’lum qildi.
Agentlik kompaniyaga berilgan Ba3 darajadagi korporativ reytingni (CFR) hamda b1 darajadagi asosiy kredit bahosini (BCA) qayta tasdiqladi.
Moody’s izohiga ko‘ra, UzAuto Motors tomonidan chiqarilishi rejalashtirilayotgan yangi besh yillik xalqaro obligatsiyalar kompaniyaning likvidlik salohiyatini yaxshilashi kutilmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan UzAuto xalqaro va mahalliy bank qarzlarini to‘lashi kutilmoqda. Shuningdek, kompaniya 2026-yil may oyida muddati tugaydigan $300 mln miqdoridagi Eurobondni qayta moliyalashtirish niyatida.

UzAuto Motorsning hozirgi holati
2025-yilning iyuniga qadar bo‘lgan 12 oy ichida kompaniya 378 ming dona avtomobil ishlab chiqargan, $4 mlrd daromad va $471 mln (Moody’s hisobida) EBITDA qayd etgan. Shuningdek, kompaniya O‘zbekiston yengil avtomobil bozorining 82 foiz ulushini egallab turibdi.
Qarzdorlik nisbati 2024-yil oxiridagi 1,3 baravardan 2025-yil iyunida 1,6 baravarga oshgan. Biroq agentlik fikricha, keyingi ikki yil davomida moliyaviy ko‘rsatkichlar asta-sekin yaxshilanadi.
Hukumat yordami va strategik ahamiyat
Reytingda O‘zbekiston hukumati tomonidan 99,7 foiz ulushga egaligi ham inobatga olingan. Moody’s kompaniya hukumat tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlash ehtimoli yuqoriligini qayd etgan.
UzAuto Motors mamlakatning sanoat strategiyasida muhim o‘rin egallaydi. U mahalliy ish o‘rinlari yaratish, eksportni kengaytirish va avtomobil sanoatini modernizatsiya qilish jarayonining markazida turibdi.

Likvidlik holati
Rejalashtirilgan obligatsiya emissiyasi muvaffaqiyatli o‘tsa, kompaniyaning likvidligi keyingi 18 oyda yetarli darajada bo‘ladi. Moody’s ma’lumotiga ko‘ra, UzAuto taxminan $530 mln operatsion mablag‘ yaratadi. Bu esa $105 mln investitsiyalar va dividend to‘lovlarini qoplash uchun yetarli bo‘ladi.
Kompaniya, shuningdek, Kapitalbank bilan $80 mln miqdoridagi aylanma kredit liniyasiga ega bo‘lib, u 2028-yilgacha amal qiladi va obligatsiyalar joylashtirilgach, qayta foydalanish uchun ochiq bo‘ladi.
Barqaror istiqbol
Moody’sning «barqaror» prognozi UzAuto savdolari 2025-yildan boshlab barqarorlashishini, 12–18 oy ichida pul oqimi ijobiy bo‘lishini va kompaniya qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishini kutayotganidan dalolat beradi.
2025-yilning iyunida yakunlangan 12 oyda kompaniya 378 mingta avtomobil ishlab chiqargan, ularning 89 foizi ichki bozorda, qolgan qismi esa Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston va Qirg‘izistonga eksport qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors sof foydasi 3,6 foizga kamaygani haqida yozgan edi.