Yangiliklar

Yana xalqaro qidiruv, bu safar Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari

U noqonuniy qimor va tavakkalga asoslangan o‘yinlarni tashkil etish hamda pul yuvishda ayblanmoqda
Yana xalqaro qidiruv, bu safar Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari / Foto: Ink

Humans kompaniyasi asoschisi va rahbari Vladimir Dobrinin kompaniya faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Unga nisbatan Interpol ma’lumotlar bazasida «qizil bildirishnoma» e’lon qilingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Dobrininga noqonuniy qimor va tavakkalga asoslangan o‘yinlarni tashkil etish hamda daromadlarni legallashtirish (pul yuvish) bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. U 1974-yilda Avstriyada tug‘ilgan, 52 yoshda, Rossiya fuqarosi hisoblanadi.

Foto: Interpol

Ma’lumot uchun, Humans atrofida xalqaro va ichki sud jarayonlari davom etmoqda. 2025-yil may oyida Humans Mobile Ltd O‘zbekiston hukumatiga qarshi ICSID xalqaro arbitrajiga da’vo kiritgan bo‘lib, davlat organlari biznesga zarar yetkazganini va investitsiya kelishuvlari buzilganini bildirgan. 2026-yil yanvarida arbitraj tribunali tarkibi shakllantirilgan.

Ichki sud jarayonlarida esa 2025-yil 14-oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank arizasiga ko‘ra «Humans» MChJni bankrot deb topgan. Shuningdek, «Uzbektelecom» tomonidan infratuzilma xizmatlari uchun 532 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik undirilishi bo‘yicha da’vo ham ko‘rib chiqilgan.

Shu bilan birga, Asia Alliance Bank Humans kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalar muntazam buzilgani va majburiyatlar bajarilmagani sababli Humans guruhiga nisbatan sud orqali qarzni undirish jarayonini boshlagan edi. Kompaniyaning Yandex oldidagi qarzi $13,3 mln, Octobank oldidagi qarzi 533 mlrd so‘m, Asia Alliance Bank oldidagi qarzi esa $3,9 mln ekani haqida da’volar ilgari surilgan edi.

8-dekabr kuni ertalab fuqarolar Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar bildirgan. Shundan so‘ng Markaziy bank Octagram bilan bog‘lanib, 9-dekabr holatiga Humans mobil ilovasi orqali «Octagram» AJ tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Humans’ning sobiq menejeri Bexzod Botirov noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etishda ayblanib qo‘lga olingan edi.