
O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida elektr yo‘qotishlari yuqori bo‘lgan 44 ta tuman elektr tarmoqlari rahbarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Ularning o‘rniga yosh kadrlarni tayinlash va yo‘qotishlarni ikki karra kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mazkur 44 ta tumanda elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan oshgan. Yangi tayinlanadigan rahbarlar uchun yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha maxsus KPI tizimi belgilanadi.
Tizimdagi muammolarni hal qilishga texnika oliygohlarida energetika yo‘nalishida o‘qiyotgan 10 mingdan ziyod 3- va 4-kurs talabalari jalb etiladi. Ular texnika xavfsizligiga o‘qitilib, dual ta’lim asosida hududlarga yuborilishi rejalashtirilgan.
«Marhamat, ustozlari shogirdini tumanga olib borsin, ishni o‘rgatsin, yo‘qotishni kamaytirish bo‘yicha yaxshi yechimlar taklif qilsa, tejalgan mablag‘ni ustoz va talabaga bonus qilib beraylik», — dedi prezident.
Yig‘ilish yakunida barcha tarmoq rahbarlari hamda hokimlarga joriy yil davomida 5 mlrd kilovatt elektr va 3,5 mlrd kub metr gazni tejash qat’iy talab qilib qo‘yildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Quvasoyda 1,2 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj holati aniqlangani haqida xabar bergan edi.