Yangiliklar

Norvegiyada ijtimoiy tarmoqlarga yosh cheklovi joriy etilishi mumkin

Yangi qonun ikki bosqichda joriy etiladi
Norvegiyada ijtimoiy tarmoqlarga yosh cheklovi joriy etilishi mumkin
Foto: Pexels

Norvegiya hukumati bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga yosh cheklovi joriy etishni rejalashtirmoqda. Yangi qonun loyihasi hukumat saytida e’lon qilindi.

Taklifga asosan, yosh cheklovi bolaning tug‘ilgan kuniga emas, balki tug‘ilgan yiliga bog‘lanadi. Ya’ni bola 16 yoshga to‘ladigan yilning 1-yanvaridan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa bir sinfdagi barcha bolalar uchun teng sharoit yaratadi.

Hukumat ijtimoiy tarmoqlarni nazorat qilish mas’uliyatini texnologik kompaniyalarga yuklamoqchi. Endi platformalar foydalanuvchilarning yoshini ro‘yxatdan o‘tish paytida tekshirishi shart bo‘ladi.

Bu qanday ishlaydi?

Yangi qonun ikki bosqichda joriy etiladi. Avvalo, Yevropa Ittifoqining Digital Services Act talablari milliy qonunchilikka kiritiladi. Shundan so‘ng platformalar majburiy tarzda yoshni tekshirish tizimini joriy etadi. Norvegiya bu borada Yevropada yetakchi davlatlardan biri bo‘lishni maqsad qilgan. Fransiya, Daniya, Ispaniya va Portugaliya ham shunga o‘xshash choralarni ko‘rib chiqmoqda.

Hukumat qonun loyihasini joriy yil oxirigacha parlamentga taqdim etishni rejalashtirmoqda. Agar tasdiqlansa, yangi tartib bolalarning raqamli hayotini himoya qilishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiyada ijtimoiy tarmoqlarni yoshga qarab filtrlash rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.