
TikTok Buyuk Britaniyada oyiga 4 funt sterling ($5,10) evaziga ilovadan reklamasiz foydalanish imkonini beruvchi obunani ishga tushirdi. Bu haqda ilova rasmiy sayti xabar bermoqda.
Yangi obuna orqali TikTok’ning asosiy bo‘limlaridagi barcha reklamalar olib tashlanadi. Biroq blogerlar tomonidan joylashtirilgan pullik integratsiya haqidagi bildirishnomaga ega kontentlar ko‘rsatilishda davom etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xizmatning faqat Buyuk Britaniyada ishga tushirilishi tasodif emas. Mamlakatda raqamli ma’lumotlarni himoya qilish qonuni mavjud bo‘lib, u xizmatlardan foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan faqat ularning roziligi bilan foydalanishni talab etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda TikTok xuddi shunday obunani AQShda oyiga $5 evaziga sinovdan o‘tkazgan edi, biroq u rasman ishga tushirilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix TikTok uslubidagi vertikal videolenta joriy etmoqchiligi haqida xabar bergan edi.