
Malayziyaning «MASkargo» yuk aviakompaniyasi Toshkent xalqaro aeroporti orqali muntazam yuk reyslarini amalga oshira boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Parvozlar Kuala-Lumpur — Toshkent — Amsterdam yo‘nalishi bo‘yicha Airbus A330 havo kemalarida haftasiga to‘rt marta bajariladi. Toshkent aeroportidan esa tranzit punkti hamda havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish maydoni sifatida foydalaniladi.
«MASkargo» reyslarining Toshkent orqali tashkil etilishi O‘zbekistonning logistika salohiyatini mustahkamlash va poytaxt aeroporti orqali xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
«MASkargo» Malayziyaning «Malaysia Airlines» milliy aviakompaniyasining yuk tashish bo‘linmasi hisoblanadi. Aviakompaniya Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida joylashgan bo‘lib, dunyoning yuzdan ortiq shahriga yuk yetkazib beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida yangi aviareyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.