
15-may kuni Toshkent shahrida aktrisa Yulduz Rajabova va turk aktyori Emre Kiviljimning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab shou-biznesi vakillari o‘z ijtimoiy tarmoqlarida bunga doir video va rasmlarni joyladi.
Juftlik shu yil 17-fevral kuni Istanbulda rasmiy nikohdan o‘tgandi. O‘shanda katta to‘y Toshkentda bo‘lishi ma’lum qilingan.
Kelin-kuyovni to‘y bilan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham tabrikladi.
Ma’lumot o‘rnida, Emre Kiviljim va Yulduz Rajabova o‘zbek – turk ijodkorlari hamkorligida suratga olingan «Mendirman Jaloliddin» tarixiy serialining tasvirga olish maydonchasida tanishgan. Ushbu loyihada Emre Kiviljim Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori Jaloliddin Manguberdi rolini, Yulduz Rajabova esa uning sevimli rafiqasi Qutlibeka obrazini gavdalantirgan.
Loyiha namoyishidan keyin muxlislar orasida aktyorlarning hayotda ham yaqin munosabatda ekani haqida ko‘plab taxminlar paydo bo‘lgandi.
Avvalroq Emre Kiviljim va Yulduz Rajabova to‘y taklifnomalarini tarqatishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Tarqalgan videolarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva ushbu voqea haqida o‘z fikrini bildirgan.