Lifestyle

Xiaomi Smart Band 10 Pro va ilk clip-on quloqchinlar taqdim etildi — foto

Narxlar $70 va $117 atrofida
Xiaomi Smart Band 10 Pro va ilk clip-on quloqchinlar taqdim etildi / Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniya Xiaomi Smart Band 10 Pro aqlli bilaguzugi hamda ilk clip-on uslubidagi simsiz quloqchinlarini rasman taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.

Yangi Xiaomi Smart Band 10 Pro 2024-yilda chiqarilgan Smart Band 9 Pro modelining davomchisi bo‘ldi. Qurilma yangilangan sog‘liq monitoringi sensorlari, aniqroq uyqu kuzatuvi va velosipedchilar uchun maxsus mashg‘ulot rejimi bilan jihozlangan. Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, yangi ikki yorug‘likli PPD sensori yurak urishini 98,2 foizgacha aniqlik bilan o‘lchay oladi. Shuningdek, qurilmaga HRV ko‘rsatkichlarini kuzatish hamda Sleep Algorithm 2.0 tizimi qo‘shilgan.

Foto: Xiaomi

Bilaguzuk 150 dan ortiq sport rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi velosiped rejimi foydalanuvchilarga mashg‘ulotlar davomida yanada aniq statistika taqdim etadi. Qurilma jismoniy yuklama vaqtida charchoq darajasini ham baholay oladi.

Foto: Xiaomi

Smart Band 10 Pro 1,74 dyuymli 2.5D egilgan AMOLED ekran bilan jihozlangan bo‘lib, ekran yangilanish chastotasi 60 Hz’ni tashkil etadi. Ekranning maksimal yorqinligi 2000 nitgacha yetadi, bu esa avvalgi modeldagi 1200 nit ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Standart versiya alyuminiy korpusda ishlab chiqarilgan va qalinligi 9,7 mm, vazni esa tasmasiz 21 grammdan sal ko‘proqni tashkil qiladi. Xiaomi, shuningdek, og‘irligi biroz yuqoriroq bo‘lgan keramika versiyasini ham taklif qilmoqda.

Foto: Xiaomi

Qurilma 5ATM suv himoyasi standartiga ega bo‘lib, suzish mashg‘ulotlarini ham kuzata oladi. Bilaguzuk HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi. Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan versiyada NFC funksiyasi hamda avtomobil kaliti sifatida foydalanish imkoniyati mavjud. Batareya quvvati esa 21 kungacha yetishi aytilmoqda. Smart Band 10 Pro’ning alyuminiy versiyasi 399 yuan, keramika versiyasi esa $70 narxda sotuvga chiqariladi.

Foto: Xiaomi

Clip-on quloqchinlar

Kompaniya ilk clip-on uslubidagi ochiq turdagi simsiz quloqchinlarini ham namoyish etildi. Xiaomi Clip-on Earbuds 11 mm drayverlar bilan jihozlangan bo‘lib, qora, oq va oltin ranglarda taqdim etiladi. Har bir quloqchin 5,5 gramm vaznga ega. Qurilmada Xiao Ai ovozli yordamchisi, real vaqt tarjimasi va ovoz yozib olish funksiyalari mavjud.

Quloqchinlarning batareyasi bir quvvatlashda 9 soatgacha, g‘ilofi bilan birga esa 38 soatgacha ishlashi mumkin. Qurilma Apple ekotizimi bilan mos keladi va Apple Find My tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, IP57 himoya darajasi ham mavjud. Xiaomi Clip-on Earbuds $117 narxda taqdim etilgan. Hozircha qurilmalarning xalqaro bozordagi sotuv sanasi ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi Poco Pad C1 yangi hamyonbop planshetini taqdim etgan edi.