Toshkentdan to‘rtta shaharga qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Qurbon hayiti bayramida yo‘lovchilar oqimini yengillashtirish uchun Toshkentdan Buxoro, Termiz, Urganch va Nukus yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviaqatnovlar tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shimcha reyslar 25–31-may kunlari amalga oshiriladi. «Uzbekistan Airways», «Silk Avia» hamda «Centrum Air» aviakompaniyalari ushbu davr davomida borish va qaytish yo‘nalishida jami 28 ta qo‘shimcha reysni bajaradi. Qatnovlar natijada qo‘shimcha 8988 nafar yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazish imkoniyati yaratiladi.
Hozirgi amaldagi jadvalga ko‘ra, haftasiga Toshkent – Buxoro yo‘nalishida 23 ta, Toshkent – Termiz yo‘nalishida 23 ta, Toshkent – Urganch yo‘nalishida 35 ta hamda Toshkent – Nukus yo‘nalishida 16 ta qatnov amalga oshirilmoqda. Shu tariqa ushbu yo‘nalishlarda haftalik reyslar soni jami 97 tani tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2026-yilgi Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi. Shuningdek, prezident farmoni bilan 28-may – payshanba va 29-may – juma kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan. Olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun esa 30-may – shanba kuni ham dam olish kuni bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedagoglarga samolyot va poyezd chiptasi uchun chegirma berilishi mumkinligi haqida xabar qilgan edik.