Yangiliklar

BMT moliyaviy inqiroz yoqasida: AQSh va Xitoy milliardlarni ushlab turibdi

Avgust oyiga borib BMTning naqd mablag‘lari tugashi mumkin
BMT
Foto: Report.az

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. The Wall Street yozishicha, tashkilot rahbariyati hozirgi vaziyat davom etsa, avgust oyiga borib BMTning naqd mablag‘lari tugashi mumkinligini ma’lum qildi.

BMT budjetining katta qismi AQSh va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Tashkilotning asosiy moliyalashtirish manbalarining 42 foizi aynan shu ikki davlatdan keladi.

Hozirda AQShning BMT oldidagi qarzdorligi $4,28 mlrdga yetgan. Xitoy esa may oyida tinchlikparvarlik operatsiyalari uchun $844 mln to‘laganiga qaramay, hali ham $455 mln qarzdor bo‘lib qolmoqda.

BMT xarajatlarni qisqartirmoqda

Mablag‘ yetishmasligi sababli BMT tarixdagi eng yirik tejamkorlik dasturlaridan birini boshladi. Jumladan:

  • 3 mingta ish o‘rni qisqartirildi;
  • ayrim ofislar yopildi;
  • tarjimonlar ish vaqti kamaytirildi;
  • tinchlikparvarlik missiyalari xarajatlari qisqartirildi;
  • ayrim davlatlarga kompensatsiya to‘lovlari kechiktirildi.

BMT Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida ham xarajatlarni kamaytirish choralarini ko‘rmoqda.

AQSh nima uchun to‘lamayapti

Donald Tramp ma’muriyati BMTdagi xarajatlarni samarasiz deb hisoblamoqda.

Vashington kelgusidagi moliyaviy yordamni yanada chuqurroq islohotlar, xodimlar sonini qisqartirish va xarajatlarni kamaytirish bilan bog‘lamoqda. AQSh BMTning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi qator dasturlaridan ham chiqib ketgan.

Xitoyning roli ortmoqda

So‘nggi o‘n yilda Xitoy iqtisodiyoti o‘sishi bilan uning BMT budjetidagi ulushi ham sezilarli oshdi.

Ayni paytda Xitoy BMTning asosiy budjetiga eng ko‘p mablag‘ ajratuvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq ekspertlar Pekinni badallarni kechiktirib to‘lash orqali tashkilotga bosim o‘tkazishda ayblamoqda.

Oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin

Agar mablag‘ tanqisligi davom etsa, BMT xodimlarining maoshlari to‘lanmasligi, oziq-ovqat, xavfsizlik va gumanitar dasturlar faoliyati izdan chiqishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat BMT moliyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tashkilot esa tarixdagi eng murakkab moliyaviy sinovlardan birini boshdan kechirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Kongoda Ebola tarqalishiga qarshi $60 million ajratishi ma’lum qilingandi. BMTning gumanitar yordam bo‘yicha rahbari Tom Fletcher o‘z bayonotida Ebola tarqalishini imkon qadar tezroq nazorat ostiga olish zarurligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi qurolli mojarolar va aholining yuqori darajadagi harakati qutqaruv hamda tibbiy yordam ishlarini murakkablashtirmoqda.