
Kimyo sanoatida yangi loyihalar sonining ortishi munosabati bilan 35 ta oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va kafedra mudirlari ishlab chiqarish loyihalariga biriktirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, suvda eriydigan o‘g‘itlar, polimerlar, maishiy va noorganik kimyo yo‘nalishlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar natijasida nanokimyo, «yashil» kimyo, supermolekulyar kimyo hamda SI asosida kimyoviy modellashtirish kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarga talab ortadi.
Shu munosabat bilan kimyo sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan 35 ta oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari va kafedra mudirlari aniq loyihalarga biriktirildi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab sohaning ehtiyojlaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar ham ma’lum qilindi. Xususan, tarmoqda umumiy qiymati $17 mlrdlik 350 dan ortiq loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Ta’kidlanishicha, bunday yirik maqsadlarga erishish uchun sohani ilmiy asoslangan va zamonaviy yondashuvlar asosida boshqarish muhim ahamiyatga ega. Shu bois «O‘zkimyosanoat» AJ faoliyatini transformatsiya qilish zarurligi qayd etilib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi ikki oliygoh yangi kimyo klasteri hududiga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edik.