Avto

Nissan Primera uzoq tanaffusdan so‘ng elektromobil sifatida qaytdi

Hozircha yangi Nissan Primera’ning narxi va savdolar sanasi ma’lum emas
Nissan Primera uzoq tanaffusdan so‘ng elektromobil sifatida qaytdi / Foto: Autoblog

Nissan kompaniyasi qariyb 20 yil avval ishlab chiqarishdan chiqarilgan Primera modelini yangi ko‘rinishdagi elektromobil sifatida taqdim etdi. Bu haqda Carscoops nashri ma’lum qildi.

Yangi Nissan Primera Filippinda bo‘lib o‘tgan Philippine International Motor Show ko‘rgazmasida namoyish etildi. Biroq model avvalgi avlodlari bilan deyarli umumiy jihatlarga ega emas. Endilikda Primera nomi ostida Xitoyda ishlab chiqarilgan Nissan N7 elektromobilining eksport versiyasi taqdim qilinmoqda.

Foto: Carscoops

Asl Nissan Primera ilk bor 1990-yilda taqdim etilgan bo‘lib, model uch avlod davomida sedan, xetchbek va universal kuzovlarda ishlab chiqarilgan. Ayrim bozorlarda u boshqa brendlar ostida ham sotilgan. Model ishlab chiqarilishi 2007-yilda to‘xtatilgan va shundan buyon Primera nomidan foydalanilmagan edi.

Yangi elektromobil 215 ot kuchiga ega elektr motor hamda 305 Nm aylanish momenti bilan jihozlangan. Avtomobil 60 kVt/soat sig‘imli batareyaga ega bo‘lib, bir marta quvvatlanganda taxminan 500 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Foto: Carscoops

O‘lchamlari bo‘yicha ham yangi Primera yirik sedanlar qatoridan o‘rin olgan. Uning kuzov uzunligi 4,93 metrni, g‘ildirak bazasi esa qariyb 2,92 metrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar avtomobilni hatto Toyota Camry’dan ham kattaroq modelga aylantiradi.

Hozircha yangi Nissan Primera’ning narxi va savdolar boshlanish sanasi ma’lum qilinmagan. Ma’lum bo‘lishicha, model dastlab Janubi-Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqariladi. Kelajakda avtomobilning Yevropa bozorida ham paydo bo‘lishi istisno etilmayapti.

Foto: Autoblog

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan yangi avlod Skyline modelini Infiniti Q50 sifatida taqdim etishi haqida yozgan edik.