
O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tahsil olayotgan magistrantlar va doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Islom ma’rifati» stipendiyasi joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati natijalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Unda diniy-ma’rifiy sohada tahsil olayotgan magistr va doktorantlar uchun «Islom ma’rifati» stipendiyasini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish hamda kelgusi bosqichda 20 ming nafar yoshlar, imom-xatiblar va otinoyilarni markaz faoliyatiga jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda Islom sivilizatsiyasi markazining bugungi faoliyati haqida ham axborot berildi. Qayd etilishicha, markaz joriy yil 17-mart kuni rasman ish boshlagan bo‘lib, 1-iyun holatiga ko‘ra, unga yarim million nafar mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchi kelgan. Shu davrda 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya hamda 2 ming nafardan ziyod xorijiy mehmonlar markazga tashrif buyurgan.
Markaz tomonidan ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilgan, ularda qariyb 2 ming nafar mahalliy va xorijiy olim ishtirok etgan. Bundan tashqari, 1 mingdan ortiq artefakt O‘zbekistonga qaytarilgan, kutubxona fondi esa 3 mingdan ziyod nodir nashr bilan boyitilgan.
Kelgusida markazning ilmiy jurnalini xalqaro Scopus va Web of Science bazalariga kiritish, qo‘lyozmalarning raqamli katalogini yaratish, madaniy meros obyektlarining yagona raqamli bazasini shakllantirish hamda «Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li» mavzuida I xalqaro Islom forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanishi haqida xabar bergan edik.