Sport

Jahon chempionatida hakamlar qancha maosh oladi

Turnirga jalb etilgan hakamlar uchun to‘lovlar ikki qismdan iborat bo‘ladi
Jahon chempionatida hakamlar qancha maosh oladi
Foto: Getty Images

Futbol bo‘yicha Jahon chempionatida nafaqat terma jamoalar va futbolchilar, balki o‘yinlarni boshqaradigan hakamlar ham katta miqdorda daromad oladi. Turnirga jalb etilgan hakamlar uchun to‘lovlar ikki qismdan iborat bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jahon chempionatiga chaqirilgan bosh hakamlar turnirda nechta o‘yin boshqarishidan qat’i nazar, $100 ming miqdorida kafolatlangan gonorar oladi. Yordamchi, ya’ni qanot hakamlari uchun ushbu summa $25 mingni tashkil etadi.

Bosh hakamlar guruh bosqichidagi har bir uchrashuv uchun $3 mingdan $5 minggacha daromad oladi. Pley-off bosqichida esa bu summa har bir o‘yin uchun $10 minggacha yetadi.

Yordamchi hakamlar va to‘rtinchi hakamlar guruh bosqichida har bir o‘yin uchun $2,5 ming, pley-offda esa $5 ming oladi. VAR, ya’ni videoyordamchi hakamlar uchun ham shunga yaqin tariflar qo‘llanadi: guruh bosqichida $3 ming, pley-off uchrashuvlarida esa $5 ming.

Final uchrashuvini boshqargan bosh hakam bazaviy gonorar, o‘yinlar uchun bonuslar, kunlik xarajatlar va qo‘shimcha to‘lovlar bilan birga bir turnirning o‘zida taxminan $250 mingdan $300 minggacha daromad qilishi mumkin.

FIFA, shuningdek, hakamlarning turnir davomidagi asosiy xarajatlarini ham qoplaydi. Jumladan, ularga biznes-klass aviachiptalari, mehmonxona, ovqatlanish, mashg‘ulot va tayyorgarlik bilan bog‘liq xarajatlar ta’minlab beriladi.

Avvalroq Lionel Messi Jahon chempionati oldidan milliy jamoaning kayfiyati va maqsadlari haqida gapirgan edi.