Gadjetlar

Yangi Android 17 yangilanishini qaysi smartfonlar oladi

Yangilanishni birinchi bo‘lib Google Pixel smartfonlari olmoqda
Yangi Android 17 yangilanishini qaysi smartfonlar oladi
Rasm: 9to5google

Google Android 17 operatsion tizimining final versiyasini tarqata boshladi. Yangilanishni birinchi bo‘lib Google Pixel smartfonlari olmoqda. Keyinroq Android 17 boshqa ishlab chiqaruvchilarning qurilmalariga ham yetib boradi.

Yangi versiyadagi asosiy funksiyalardan biri Bubbles deb nomlanadi. Bu funksiya istalgan ilovani suzuvchi oynaga aylantirish imkonini beradi. Foydalanuvchi bir vaqtning o‘zida bir nechta dastur bilan ishlashi mumkin.

Buklanadigan smartfonlarda esa bunday oynalar uchun alohida tezkor almashish paneli ham qo‘shilgan.

Android 17’da buklanadigan smartfon egalari uchun maxsus o‘yin rejimi ham mavjud. U ekranini 50:50 nisbatda bo‘ladi: o‘yin yuqori qismda, virtual geympad esa pastki qismda ko‘rinadi.

Google xotira boshqaruvini ham yaxshilagan. Bu o‘yinlarda kechikishlar va kadrlar chastotasi pasayishini kamaytirishi kerak.

Yangi versiyada ekran yozib olish funksiyasi ham yangilandi. Endi foydalanuvchi ekran videosi bilan birga old kameradan tasvirni ham yozib olishi mumkin.

Bundan tashqari, maxfiylik sozlamalari yaxshilangan va yo‘qolgan qurilmalarni himoya qilish tizimi yangilangan.

Yoz oyida ayrim qurilmalarda Gemini Intelligence funksiyasi ham paydo bo‘ladi. Bu Google’ning yangi sun’iy intellekt yordamchisi bo‘lib, kontekstni hisobga olgan holda bir nechta bosqichli vazifalarni bajara oladi.

Pixel smartfonlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham tayyorlangan. Ular orasida qo‘ng‘iroqlarni ovozli tarjima qilish, suratlarni kengaytirilgan tahrirlash funksiyalari va Android Quick Share orqali iPhone bilan fayl almashish imkoniyati bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Android’da soxta qo‘ng‘iroqlarni aniqlash funksiyani ishga tushirishi ma’lum qilingandi. Bu funksiya firibgarlarning boshqa odam nomidan qo‘ng‘iroq qilib, foydalanuvchilarni aldashiga qarshi kurashishga yordam beradi.