Yangiliklar

Сhiroq o‘chishini ko‘rsatuvchi svetanet.uz sayti ishga tushirildi

Ushbu loyiha hech qanday tijoriy maqsadni ko‘zlamagan
www.depositphotos.com

O‘zbekistonda chiroq o‘chishini real vaqt rejimida qayd etib boruvchi svetanet.uz servisi ishga tushirildi. Bu haqda Humo to‘lov tizimining sobiq rahbari Shuhratbek Qurbonov ma’lum qildi.

Tizim qanday ishlaydi?

Loyiha mutlaqo sodda va qulay interfeysga ega bo‘lib, chiroq o‘chgani haqidagi xabarni maxsus Telegram bot —@sveta_netbot orqali yuborish mumkin. Buning uchun foydalanuvchi faqatgina o‘zi turgan joy koordinatasini (geolokatsiyasini) yuborishi kifoya.

Xaritadagi ranglar va qoidalar:

  • Kulrang belgi: Foydalanuvchi joylashuvini yuborganidan so‘ng, tizim uni dastlab tasdiqlanmagan statusda (kulrang) ko‘rsatadi.
  • Qizil belgi: Agar ushbu hududning 300 metr radiusida yana bir kishi chiroq o‘chgani haqida xabar bersa, xaritadagi belgi avtomatik ravishda qizil rangga kiradi (muammo tasdiqlanadi).
  • «Umr ko‘rish» muddati: Har bir xabar xaritada 3 soat davomida faol turadi.
  • Muammo hal bo‘lsa: Foydalanuvchilar elektr ta’minoti tiklanishini kutib o‘tirmasdan, bot orqali «Svet qaytdi» tugmasini bossalar, xaritadagi belgi darhol o‘chib ketadi.

Toshkentdagi joriy holat

Tizim ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 23-iyun soat 17:50 holatiga ko‘ra poytaxtda chiroq o‘chishi bo‘yicha jami 52 ta holat qayd etilgan bo‘lib, shulardan 36 tasi o‘z tasdig‘ini topgan (qizil rangda).

svetanet.uz saytidan skrinshot

Xabarda qayd etilishicha, ushbu loyiha hech qanday tijoriy maqsadni ko‘zlamagan. U ko‘ngillilar tomonidan Sun’iy intellekt (AI) yordamida va «vaib-koding» (shunchaki qiziqish uchun dasturlash) doirasida mutlaqo bepul asosda yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-iyuldan boshlab ko‘p kvartirali uylardagi majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lamagan uy egalari uchun elektr energiyasiga to‘lov qilish vaqtincha cheklanishi haqida yozgan edi.