
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida to‘liq sanoat zanjiriga ega yirik parrandachilik loyihasi amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida «Uychi parranda» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha tijorat bankining 50 mln dollarlik mablag‘i hisobidan 121 gektar maydonda tashkil etilgan. Korxonada Vengriyaning «Aviagen» kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuq intensiv usulda parvarishlanmoqda.
Kuniga 60 ming tuxum va 50 ming jo‘ja imkoniyati
Korxonada joriy qilingan zamonaviy genetik texnologiyalar hisobiga kuniga 60 ming dona yuqori sifatli naslli tuxum olinmoqda. Inkubatorlar orqali esa har kuni 50 ming bosh jo‘ja ochirish imkoniyati yaratilgan.
Loyihaning go‘sht yetishtirish yo‘nalishi ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45 – 50 kun davomida parvarishlanadi. Bir siklda 120 tonna parranda go‘shti olinishi belgilangan.

Ushbu tajriba asosida kelgusida Namangan viloyatining Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 mln boshga yetkaziladi.
Pop tumanida 100 gektarlik superintensiv bog‘
Prezident shu yerning o‘zida hududning usta dehqonlari, fermerlari va tadbirkorlari bilan muloqot qildi. Shuningdek, davlat rahbari Namangan viloyatidagi bo‘sh turgan yerlardan unumli foydalanish hamda Pop tumanida tashkil etilgan 100 gektarlik superintensiv bog‘ loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.
Qiymati 20,7 mlrd so‘m bo‘lgan bog‘ Pop tumanining tabiati va tuproq sharoitiga mos ravishda barpo etilgan. Uzoq yillar foydalanilmay yotgan, suv bilan ta’minlash murakkab bo‘lgan yerlar loyiha hisobiga daromad manbaiga aylantirilmoqda.
Bog‘ hududiga jami 66,6 ming tup serhosil mevali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Uning 60 gektarida 40 ming tup o‘rik, 25 gektarida 16,6 ming tup shaftoli va 15 gektarida 10 ming tup gilos parvarish qilinayotir.
Zamonaviy sug‘orish va parvarishlash usullari hisobiga har bir gektardan o‘rtacha 20 tonnadan sifatli hosil olish kutilyapti. Bu ko‘rsatkich oddiy bog‘larga qaraganda bir necha barobar yuqori ekani ta’kidlanmoqda.
Bog‘da yo‘lga qo‘yilgan kooperatsiya tizimi asosida 300 ta ehtiyojmand oilaning har biriga 30 sotixdan yer ajratilgan. Bu yondashuv kam ta’minlangan xonadonlarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda $35 mlnlik qo‘ychilik klasteri tashkil etilgani haqida yozgan edi.