Yangiliklar

Moody’s Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirdi

Ba3 darajasidan Ba2 darajasiga oshirildi
Moody’s Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini «barqaror»ga oshirdi
Foto: Moody’s

Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli emitent reytingi va ustuvor ta’minlanmagan qarz majburiyatlari reytingini Ba3 darajasidan Ba2 darajasiga oshirdi. Reyting bo‘yicha prognoz «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi.

Reyting nima uchun oshirildi

Agentlik qaroriga ko‘ra, reytingning oshirilishi O‘zbekistonda institutsional va siyosiy tizim yaxshilanayotgani, iqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlar mustahkamlanayotgani bilan bog‘liq.

Moody’s mamlakat iqtisodiyoti tashqi xatarlarga nisbatan barqarorroq bo‘lib borayotganini qayd etdi. Bunga iqtisodiy o‘sishning saqlanib qolayotgani, fiskal intizomning kuchaygani va davlat majburiyatlari bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish yaxshilanayotgani ta’sir qilgan.

Iqtisodiy o‘sish barqarorligicha qolmoqda

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda real YIM o‘sishi so‘nggi uch yilda o‘rtacha 6,9% atrofida bo‘lgan. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etgan, 2026-yilning birinchi choragida esa 8,7 foizgacha tezlashgan.

Moody’s xizmatlar, sanoat va qurilish tarmoqlarining o‘sishga qo‘shayotgan hissasi kengayib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, oltin va konchilik sektori, investitsiya oqimlari hamda rekord darajadagi pul o‘tkazmalari iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlagan.

Fiskal intizom kuchaygani qayd etildi

Moody’s O‘zbekistonda budjet taqchilligi kamayganini ham ijobiy omil sifatida ko‘rsatdi. Agentlikka ko‘ra, umumiy hukumat taqchilligi 2023-yilda YaIMga nisbatan 4 foizdan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda taxminan 2 foizgacha qisqargan.

Bunga energiya subsidiyalarini qisqartirish, tarif islohotlari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniqroq yo‘naltirilishi yordam bergan.

Moody’s 2026–2028-yillarda budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 3 foizdan past darajada qolishini kutmoqda.

Davlat sektori va banklar bo‘yicha xatarlar saqlanmoqda

Moody’s O‘zbekiston iqtisodiyotida davlatning ulushi hali ham yuqori ekanini qayd etdi. Davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik loyihalari bilan bog‘liq shartli majburiyatlar YIMning qariyb 25 foiziga teng deb baholanmoqda.

Bank sektorida ham davlat banklarining roli katta bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, imtiyozli kreditlash ulushi 2020-yildagi 39 foizdan 2025-yil yakunida 19,2 foizgacha kamaygani ijobiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

Reyting yana oshishi yoki pasayishi mumkinmi

Moody’sga ko‘ra, agar O‘zbekistonda islohotlar izchil davom etsa, boshqaruv sifati yaxshilansa, davlat korxonalari va banklar bilan bog‘liq fiskal xatarlar kamaytirilsa, reyting yana oshirilishi mumkin.

Aksincha, islohotlar sekinlashsa yoki ortga qaytsa, davlat qarzi va shartli majburiyatlar sezilarli oshsa, tashqi moliyaviy zaxiralar zaiflashsa, reytingga salbiy bosim yuzaga kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2028-yilgacha Markaziy Osiyodagi eng tez o‘sayotganlardan biri bo‘lib qolishini bildirgandi.