Yangiliklar

O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi qonun bilan cheklanishi mumkin

Mazkur tashabbus yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan dastlabki muhokamalar o‘tkazilgan
O‘zbekistonda 16 yoshgacha bo‘lganning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi qonun bilan cheklanishi mumkin
Foto: Getty Images

O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova ma’lum qildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan nashriga.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan dastlabki muhokamalar o‘tkazilgan. Endilikda qonun loyihasi tayyorlanib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

«Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Qonun loyihasini ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz», – dedi E’zozxon Karimova.

Vazirning ta’kidlashicha, zamonaviy sharoitda bolalarni telefondan butunlay cheklashning iloji yo‘q. Biroq ularda gadjet va internetdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish muhim vazifa hisoblanadi.

Shuningdek, u maktablarda o‘quvchilarning telefonlardan foydalanishini tartibga soluvchi qoidalar mavjud bo‘lsa-da, ular hamma joyda bir xil ishlamayotganini qayd etdi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonunchilik asosida cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya 16 yoshgacha bo‘lganlarga ijtimoiy tarmoqni cheklayotgani haqida yozgandi.