Gadjetlar

Realme Narzo 100x 5G uch kunlik quvvat bilan chiqdi

Realme Narzo 100x 5G uch kunlik quvvat bilan chiqdi
Foto: Realme

Realme kompaniyasi Hindistonda Realme Narzo 100x 5G smartfonini taqdim etdi. Bu haqda mahalliy Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Yangi modelning asosiy xususiyati 8000 mA/soat sig‘imli yirik batareya bo‘lib, ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bir marta to‘liq quvvatlanganda qurilma uch kungacha ishlashi mumkin.

Kompaniya batareya uzoq muddat foydalanilganda ham o‘z imkoniyatlarini saqlab qolishini bildirgan. Realme ma’lumotiga ko‘ra, 1600 ta quvvatlash sikli yoki qariyb to‘rt yillik foydalanishdan keyin ham akkumulyatorning dastlabki sig‘imi 80 foizdan yuqori bo‘lib qoladi.

Smartfon 45 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, u boshqa qurilmalarni 27 vatt quvvat bilan simli ravishda quvvatlay oladi. O‘yin vaqtida energiyani batareyani chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri qurilmaga uzatadigan bypass charging funksiyasi ham mavjud. Bu smartfonning kamroq qizishiga yordam beradi. Qurilmaning qalinligi 8,8 millimetr, og‘irligi esa 224 grammni tashkil etadi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar va narx

Foto: Realme

Narzo 100x 5G 6,8 dyuymli HD+ LCD ekran bilan jihozlangan. Displey 144 Gts yangilanish chastotasi va 1200 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon MediaTek Dimensity 6300 protsessorida ishlaydi hamda LPDDR4X tezkor xotira va UFS 2.2 ichki xotira bilan taklif etiladi.

Qurilmani sovitish uchun 5300 kvadrat millimetrli bug‘ kamerasi o‘rnatilgan.

Asosiy kamera 50 megapikselli, old kamera esa 8 megapikselli sensorga ega. Smartfon Android 16 asosidagi Realme UI 7.0 interfeysida ishlaydi. Orqa panelda bildirishnomalarni yorug‘lik orqali ko‘rsatadigan AI Pulse Light indikatori mavjud. Model IP65 standarti bo‘yicha chang va suv sachrashidan himoyalangan.

Realme Narzo 100x 5G‘ning 4/128 GB versiyasi 20 999 rupiy yoki taxminan $245 ga baholangan. 6/128 GB konfiguratsiya 22 999 rupiy, 6/256 GB varianti esa 24 999 rupiy turadi.

Avvalroq «Kursiv» Realme P4x 4G taqdim qilingani haqida yozgan edi.