
Qatar, Misr, Pokiston va boshqa mintaqaviy vositachilar AQSh va Eronga 10 kunlik sulh tuzish taklifini taqdim etdi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios yozmoqda.
Taklifga ko‘ra, jangovar harakatlar vaqtincha to‘xtatiladi, Hormuz bo‘g‘ozidagi har ikki kema qatnovi yo‘lagi qayta ochiladi va tomonlar uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettiradi. Janubiy yo‘lak Ummon hududiy suvlari orqali Eron hujumlaridan, shimoliy yo‘lak esa Eron suvlari orqali AQSh blokadasidan xoli ishlashi ko‘zda tutilgan.
AQSh ma’muriyati ushbu tashabbusni o‘rganmoqda va diplomatik imkoniyat saqlanib qolishi uchun Isroilni keskin qadamlardan tiyilishga chaqirgan. Shu bilan birga, Vashington muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugashiga ham tayyorlanmoqda.
So‘nggi kunlarda mintaqaga o‘nlab qiruvchi samolyotlar va havoda yonilg‘i quyish samolyotlari yuborildi. Isroil armiyasi ham ehtimoliy keng ko‘lamli qo‘shma operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Donald Tramp hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan. AQSh va Isroil rasmiylari vaziyatning ikki ehtimoliy yakunini ko‘rmoqda: sulh orqali Hormuz bo‘g‘ozini ochish yoki Eronni yon berishga majbur etish uchun keng ko‘lamli harbiy kampaniya boshlash.
Avvalroq «Kursiv» Eron Hormuz bo‘g‘ozidan «bir tomchi ham» neft o‘tkazmaslikka va’da bergani haqida yozgan edi.